ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Ekoparkda diplomatlar o‘rtasida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi - fotoreportaj

Bugun Toshkent Ekoparkida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar jamoalari ishtirokida ilk sport o‘yinlari uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tomonidan Milliy Olimpiya qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.

Diplomatik sport o‘yinlari diplomatik vakolatxonalarning mamlakatimizdagi faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish va sportga qiziqishni oshirish, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Sport o‘yinlari dasturiga stol tennisi, voleybol, shaxmat, badminton kabi sport turlari kiritildi. Shuningdek, diplomatik missiyalar xodimlari oila aʼzolari uchun shashka, estafeta va milliy o‘yinlar bo‘yicha ham musobaqalar tashkil etildi.

Ozarbayjon, Belarus, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, AQSH, Rossiya, Tojikiston, Fransiya, Shveysariya, Ummon va boshqa davlatlar dipmissiyalari, BMT, FAO, YEXHT, Jahon banki, SHHT vakolatxonalari hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari turnirda faol ishtirok etdi.

Tadbirga O‘zbekiston MOQ va sport federatsiyalari vakillari taklif etildi.