Chjan Min: O‘zbekistonning xavfsiz va barqaror rivojlanishi ShHT keng makonida tinchlik va barqarorlikning asosiy shartlaridan biridir
Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy telegram-kanalida ShHT Bosh kotibi Chjan Minning O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovga Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan yo‘llagan maktubi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Muzaffar Komilov.
ShHT Bosh kotibi o‘z maktubida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Chjan Min O‘zbekistonning xavfsiz va barqaror rivojlanishi ShHTning keng makonida tinchlik va barqarorlikning asosiy shartlaridan biri ekanini alohida taʼkidlagan.
“Yaqinda O‘zbekiston Respublikasiga tashrifim chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligida xalq manfaatlari va mamlakat ravnaqiga qaratilgan chuqur islohotlar samarasida erishilgan yutuqlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, - deb yozadi ShHT Bosh kotibi. - Ishonchim komilki, mamlakatingiz dono rahbariyatining qatʼiyati va irodasi, ko‘p millatli xalqning bunyodkorligi va kelajakka ishonchi tinchlik va barqarorlikni hamda fuqarolar o‘rtasidagi milliy totuvlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston uchun tinchlik va farovonlikning kalitidir”.