Tanzila Norboyeva: Xalq diplomatiyasi forumi SHHT doirasidagi ezgu maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyatdir
Bugun poytaxtimizda boshlangan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumida ma’ruza bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva xalq diplomatiyasining keng vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashish nuqtai nazaridan ushbu anjuman muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
-Biz mamlakatlarimiz kelajagi bo‘lgan barcha yoshlar bilan astoydil ishlashimiz kerak, - dedi Senat raisi. - Intellektual va ma’naviy barkamol, tashabbuskor hamda qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tayyor yoshlar barqaror taraqqiyotning ishonchli yetakchisi, yangi g‘oyalar va ijodiy yechimlarning ishlab chiqaruvchisi bo‘lishi kerak.
SHHT makonidagi yoshlar mamlakatlarimizning rivojlangan va barqaror kelajagini yaratishga xizmat qiladigan ijodiy va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Bizning tashkilotimiz gender tengligi va barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun ayollarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirmog‘i lozim.
Bundan tashqari, madaniyat, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, sport, ommaviy axborot vositalari, turizm, ilm-fan, sog‘liqni saqlash va atrof muhitini muhofaza qilish sohalaridagi aloqalarni faollashtirish SHHT doirasidagi ko‘p tarmoqli hamkorlikni boyitishga xizmat qiladi.
Ilmiy-ijodiy doiralar, jamoat tashkilotlari, birodar shaharlar o‘rtasida bevosita aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, shubhasiz, mamlakatlarimiz xalqlarini yanada yaqinlashtirmoqda.
Bugungi Forum yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda ezgu maqsad va vazifalarni amalga oshirishda xalq diplomatiyasining keng vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashishning noyob imkoniyati hisoblanadi.