ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar rahbarlarining o‘n ikkinchi Yig‘ilishi yakuni bo‘yicha axborot

Joriy yilning 20-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligi ostida ShHTga a’zo davlatlarning narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish vakolatiga ega bo‘lgan vakolatli organlari rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ShHT Kotibiyati vakillari ham ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Xayrullayevich Narzullayev va ShHT Bosh kotibi Chjan Min tomonidan tadbir ochib berildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ShHTga a’zo davlatlarda mavjud narkovaziyat yuzasidan fikr almashildi hamda giyohvandlikka qarshi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining uchta asosiy Konvensiyalariga tayanib hamda sohada markaziy muvofiqlashtiruvchi rolga ega BMTning giyohvandlik vositalari bo‘yicha komissiyasi shafe’ligida giyohvand moddalarni nazorat qilish xalqaro tizimini saqlash va mustahkamlashga sodiq ekanligi ma’lum qilindi.

Delegatsiyalar rahbarlari ShHTning narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha fundamental hujjatlari hamda 2018-2023 yillarda ShHTga a’zo davlatlarning giyohvandlikka qarshi kurashish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi bandlarini amalga oshirish bo‘yicha Ish rejasini (2021-2023 yillar) to‘liq amalga oshirish doirasida samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanliklarini bildirdi.

Giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq global muammo, eng avvalo, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solib kelayotgan omillardan - Afg‘oniston va “Oltin yarim oy” mintaqalarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy ishlab chiqarishning keskin o‘sib borishi yuzasidan xavotir bildirildi.

Sintetik giyohvandlik vositalari va yangi turdagi psixofaol moddalarning tez sur’atlarda tarqalishi va ularning suiiste’moli, shuningdek, giyohvandlik vositalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalarning noqonuniy aylanishining kuchayishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgani alohida ta’kidlandi.

Milliy, mintaqaviy va global darajada xavfsizlikka salbiy ta’sir etuvchi omillardan – narkotiklarning noqonuniy aylanishi va giyohvandlik vositalaridan olingan daromadlarni legallashtirishda zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari va elektron moliya tizimlaridan foydalanishga qarshi kurashishning muhimligi qayd etildi.

Delegatsiyalar rahbarlari tomonidan Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqalarining tarixiy jihatdan yaqinligi, shu bilan birga Afg‘onistondan kelib chiquvchi narkotahdidlarga qarshi kurashish masalalarida ShHT bilan hamkorlikni rivojlantirishning dolzarbligidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘z ichiga qamrab oluvchi birgalikdagi Harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi dolzarb va muhim ekani e’tirof etildi.

Tomonlar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda umumiy yondashuvlar va hamkorlikni ilgari surish, shuningdek, BMT va boshqa giyohvandlikka qarshi kurashishga yo‘naltirilgan xalqaro maydonlarda giyohvand moddalar ustidan nazorat o‘rnatishning xalqaro tizimini saqlab qolish va mustahkamlash istagida ekanliklarini tasdiqladilar.