ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Yevropadan munosabat: O‘zbekistonning SHHTga raisligi tashkilotni yangi maqsadlar sari yetaklamoqda

«Diplomatic World Institute» tahliliy markazi (Belgiya) loyihasi menejeri Alberto Turkstra “Dunyo” AA uchun intervyusida O‘zbekiston raisligi davrida Shanxay hamkorlik tashkilotini rivojlantirish istiqbollari haqidagi firklarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

- Diplomatik jabhada 2022 yil O‘zbekiston uchun juda masʼuliyatli yil bo‘ladi. Xususan, sentyabr oyida Samarqandda SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi o‘tkaziladi.

SHHTning hozirgi formati 2001 yilda tashkil etilgan “Shanxay beshligi” o‘rnida tuzilgan. Ushbu yigirma yil mobaynida SHHT Yevroosiyo hududining 60 foizini va dunyo aholisining teng yarmini qamrab olgan eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi.

Tashkilot tinchlik va xavfsizlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Toshkentda 2005 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi SHHTning ikki doimiy organidan biridir.

SHHT 2016 yilda Hindiston va Pokistonni o‘z safiga qabul qildi. O‘tgan yildan boshlab Eronning ushbu tashkilotga  qo‘shilish jarayonin boshlandi. Eronning SHHTga qabul qilinishi tashkilotning Yevroosiyo makonidagi barcha asosiy davlatlarni xavfsizlik, kommunikatsiya va iqtisodiy rivojlanishdan tortib, mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilish uchun birlashtiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonning tashqi siyosati faollik sari burilish yasadi. Toshkent amaliy jihatdan SHHTga aʼzo davlatlar uchun, jumladan, transport, kommunikatsiya va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, sanoat kooperatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi sohalarda yana-da aniq natijalar bera oladigan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga astoydil harakat qilmoqda.

Ushbu sohalarda O‘zbekiston SHHTning kun tartibini yangilash va o‘z faoliyatini tashkilot makonidagi yangi va murakkab voqelikka moslashtirishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

O‘zbekistonning SHHT raisi sifatida belgilab bergan ushbu maqsadlari rasmiy Toshkentning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar — mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon savdo tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, SHHT va boshqa tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilish kabi muhim vazifalarga to‘la mos keladi.

O‘zbekistonning bu yilgi SHHTga raisligi uni zamonaviy muammolarni jamoaviy hal etishga yana-da yaxshiroq tayyorlash, chegaralardagi nizolar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikdan tashqari kun tartibini kengaytirish, suv nizolari, transport integratsiyasini kengaytirish va madaniy almashinuvni chuqurlashtirish, transmilliy muammolarni hal etish uchun tashkilotga yangi kuch va yangi qatʼiyat bag‘ishlaydi, deb ishonamiz.