ShHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari yig‘ilishi
Toshkentda 24 avgust kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirliklari rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berishicha, nufuzli tadbir an’anaviy tarzda gul qo‘yish marosimi hamda «Shon-sharaf» muzeyi ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirish bilan boshlandi.
Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘izizston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, SHHTda kuzatuvchi maqomiga ega Belarus harbiy idoralari rahbarlari poytaxtimizdagi “G‘alaba” bog‘ida “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gul qo‘yib, fidoyi yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu yodgorlik xalqimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabani ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, beqiyos jasoratini bor ko‘lami bilan ko‘rsatib beradigan yaxlit majmuaga aylangan. Shon-sharaf» muzeyini tomosha qilish jarayonida yuqori martabali mehmonlar elimizning mard o‘g‘lonlari ko‘rsatgan qahramonligi va matonatini aks ettiruvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
Ishtirokchilar “G‘alaba” bog‘idan chiqib “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida joylashgan “Kongress-markaz”ga yetib keldi. Dastlab yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondonining Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalar muhokamasiga kirishildi.
Har doimgidek konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan yig‘ilishda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Kengash yig‘ilishi mamlakatlarning barqarorlik va mustahkam tinchlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarga qaratilgan pozitsiyasi va e’tibori mushtarakligini yana bir bor namoyish etdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov yildan yilga rivojlanib, safi kengayib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga muhim hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.
Anjumanda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, tashkilot makonida xavfsizlikni mustahkamlash va barqarorlikni ta’minlash, jumladan, COVID-19 pandemiyasi salbiy oqibatini bartaraf etishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va mazkur jarayonga ko‘maklashishda davom etish, SHHT va boshqa mintaqaviy hamkor tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotga a’zo davlatlar Qurolli Kuchlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va harbiy madaniyat sohasida almashinuvni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lgan harbiy orkestrlarning “Tinchlik navosi” festivaliga an’anaviy tus berish kabi boshqa turli masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari yig‘ilishi yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonnoma imzolandi.
Hujjatda bir qator tadbirlar, jumladan, qo‘shma mashqlar, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.