Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 17-uchrashuvi boshlandi
Bugun ertalab Toshkentda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) raisligi doirasida tashkilotga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 17-uchrashuvi o‘z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda aʼzo davlatlar va kuzatuvchi davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari, shuningdek, ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kotibiyati va Ijroiya qo‘mitasining vakillari ishtirok etmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, jumladan, terrorizm, ekstremizm, qurol va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqiladi.
ShHT Xavfsizlik kengashlari kotiblarining uchrashuvi 2004 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va ko‘p tomonlama hamkorlikning muvofiqlashtiruvchi-maslahat mexanizmi hisoblanadi. Birinchi uchrashuv 2004 yil 4 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ShHTga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 16-yig‘ilishi 2021 yil 23 iyun kuni Dushanbe shahrida (Tojikiston) bo‘lib o‘tgandi.