ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

O‘zbekiston-Pokiston: Ko‘hna tarixga ega xalqlar do‘stligi

“O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib bormoqda, har ikkala mamlakatning taraqqiyotga erishish yo‘lidagi islohotlari ham bir-biriga hamohangdir”, deydi O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Madaniy-gumanitar aloqalar bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Otbosarov “Dunyo” AAga taqdim etgan maqolasida.

“O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu rishtalar bugungi kunda tarixiy ildizlardan kuch olib, yana-da ravnaq topmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar, Muhammad Iqbol, Mirzo G‘olib singari ulug‘ mutafakkir va shoirlarning o‘lmas merosi, maʼrifiy qarashlari xalqlarimizni bog‘lab turadigan mustahkam maʼnaviy ko‘prikdir.

Shu sababli O‘zbekistonda Pokiston tarixi, madaniyati va sanʼatiga, xususan, urdu tilini o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. O‘z navbatida, Pokistonda ham o‘zbek tili va adabiyoti, mamlakatimiz tarixini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Panjob universiteti qoshida “Bobur merosi markazi”,  Peshovar universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha “Alisher Navoiy markazi” ochilgan.

So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga, mushtarak maʼnaviy merosimizni birgalikda o‘rganish, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga erishildi.

O‘zbekistonda ham Pokistonning boy tarixi va madaniyatiga qiziqish tobora o‘sib bormoqda. Jumladan, Sharqning buyuk shoiri, urdu adabiy tiliga asos solgan ulug‘ mutafakkir Mirzo G‘olibning hayoti va ijodi chuqur o‘rganilmoqda.

Yurtimizda Lahordagi betakror Shoh qalʼa meʼmoriy majmuasini, go‘zal Shalimar bog‘larini ziyorat qilishni istaydigan odamlar ko‘plab topiladi.

O‘z navbatida, bugungi kunda Pokistonda 10 millionga yaqin Naqshbandiya tariqati vakillari, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning ko‘plab muxlislari bor. Ularning Buxoroi sharif, Samarqand va Andijondagi tabarruk qadamjolarga ziyorat safarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida Bobur bobomiz haqida film suratga olish ishlari boshlab yuborilgan.

Inson salomatligini asrash yo‘lida tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish har ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishi tabiiydir. So‘nggi uch yilda pokistonlik yoshlarning O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani quvonarli hol. Ayni paytda mamlakatimizda 750 nafardan ortiq pokistonlik yoshlar mazkur yo‘nalishda taʼlim olishmoqda.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib bormoqda, har ikkala mamlakatning taraqqiyotga erishish yo‘lidagi islohotlari ham bir-biriga hamohangdir.

2021-2026 yillarga mo‘ljallangan Madaniy almashuv dasturi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik anʼanalarini davomi sifatida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021 yil 9-iyun kuni Markaz tomonidan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 29 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston va Pokiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida ekspertlarning onlayn uchrashuvi o‘tkazildi.

2021 yil 12-iyul kuni Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Pokiston: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning bugungi holati va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

2021 yilning 5-fevralida Pokiston Tinchlik va diplomatiya instituti prezidenti Farxat Asif bilan videomuloqot o‘tkazildi. Suhbat so‘ngida Markaz va Pokiston tinchlik va diplomatiya instituti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat doirasida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi, shuningdek, Pokiston Respublikasining Mustaqilligi kuni arafasida xalqlarimizning ko‘p asrlik madaniy, savdo-iqtisodiy aloqalari,  samimiy do‘stona munosabatlari bilan bog‘liq qator tadbirlarni o‘tkazishga qaror qilindi.

2021 yil 2-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 22-fevraldagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi bo‘yicha SHHT Xalq diplomatiyasi markazining Pokistondagi xamkori - Tinchlik va diplomatiya instituti direktori Muhammad Asif Nurning “Daily Times Pakistan” gazetasida “O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi aʼzosi” nomli maqolasi chop etildi.

O‘z navbatida, 2021 yil 8-noyabr kuni Markazning madaniy-gumanitar aloqalar bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Otbosarovning “Muxammad Iqbol-Sharq va Islom olami maʼrifat ahlining muallimi” nomli maqolasi Pokistonning eng yirik gazetalaridan biri - “GLOBAL NEWS PAKISTAN” sahifasida bosilib chiqdi.

O‘zbekiston va Pokistonning boy tarixi va madaniy merosini, shuningdek, ko‘hna falsafasini targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish Markazning maqsad va vazifalari sirasiga kiradi.

SHHT mamlakatlari, jumladan, Pokiston, uning musiqiy madaniyati va meʼmoriy merosi bilan tanishish, shuningdek, taʼlim, fan, sport va boshqa sohalardagi qiziqarli loyihalarni hamkorlar bilan amalga oshirishga bag‘ishlangan katta tadbirlarni o‘tkazish Markazning kelgusidagi ish rejasidan joy olgan.

Fursatdan foydalanib, Markaz qardosh Pokiston xalqini davlat Mustaqilligining 75 yilligi bilan qutlaydi”.