Jamshid Xodjayev: O‘zbekistonning ShHT aʼzo davlatlari bilan tovar aylanmasi hajmi 2021 yili 24 foiz ko‘paygani holda 20 milliard dollardan oshib ketdi
Mamlakatimiz poytaxtida bgun ish boshlagan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mintaqalari rahbarlarining forumi 4 avgust kuni ham davom etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bugun anjuman chog‘ida nutq so‘zlagan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev pandemiya davom etayotganiga qaramay, O‘zbekistonning ShHT aʼzo davlatlari bilan tovar ayirboshlashi hajmi muttasil o‘sib borayotganini maʼlum qildi.
- 2021 yili tovar aylanmasi hajmi 24 foiz ko‘paygani holda 20 milliard dollardan oshib ketdi, dedi u. – Joriy yilning birinchi yarmida bu yana qariyb 30 foizga o‘sdi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yilda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida 2023-2025-yillarda tashkilot doirasida Ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar Rejasini tasdiqlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman. Bu reja Samarqandda o‘tkaziladigan ShHT Davlat rahbarlari Kengashida qabul qilinishiga umid bildiramiz.