Saudiya Arabistonidan munosabat: ShHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining Toshkentda o‘tgan yig‘ilishi tashkilot doirasida qatʼiy birdamlik va hamkorlikning yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi yuzasidan Saudiya Arabistonida faoiliya ko‘rsatadigan “Establishment Bazar Asia For Trading” kompaniyasi direktori Amin Zakariyat Xo‘ja o‘z munosabatini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi tashkilot doirasidagi qatʼiy birdamlik va hamkorlikning yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bunday muloqotlarning o‘tkazilishi bugungi butunjahon globallashuv jarayonida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga tegishli ravishda chora ko‘rish uchun ko‘p tomonlama hamkorlikning ravnaqiga mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi”, “Samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi” va “Ishbilarmon doiralar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturlari” singari ishlab chiqilgan hujjatlar tahsinga sazovordir.
Shuningdek, arab davlatlari, xususan Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomining berilishini ham ijobiy baholayman.
Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilajak ShHT Davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi sammitini samarali tashkil etish yo‘lida O‘zbekiston hukumatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.