Vladimir Norov: «ShHT oilasi»ning to‘ldirilishi ko‘p qirrali hamkorlikka sezilarli turtki beradi
Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Brifingda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov uchrashuv yakunlariga to‘xtaldi.
– Uchrashuvimizning muhim nuqtalaridan biri ShHTning kengayishi masalasi bo‘ldi, - dedi u. - Vazirlar manfaatdor mamlakatlarning ShHTga aʼzo davlat, kuzatuvchi davlat va muloqot bo‘yicha hamkori maqomini olish yuzasidan mavjud arizalarni ko‘rib chiqdilar.
Shuni taʼkidlashni istardimki, bizda bu masalada sezilarli o‘sish mavjud. Shunday qilib, bo‘lajak Sammit doirasida Eronning ShHTga to‘laqonli aʼzo bo‘lishiga yo‘l ochuvchi Majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash rejalashtirilmoqda.
Uch davlat – Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini taqdim etish bo‘yicha memorandumlarning imzolanishi kutilmoqda. Bu bilan ularning belgilangan formatda ShHTdagi ishtirokini huquqiy rasmiylashtirish yakunlanadi.
Vazirlar Bahrayn va Maldivning ShHT muloqot bo‘yicha sheriklari maqomini olish haqidagi arizalarini qo‘llab-quvvatladilar. Tegishli qarorlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHT Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi chog‘ida imzolanadi.
Tomonlar Belarus Respublikasining tashkilotga to‘laqonli aʼzo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini faol o‘rganmoqda.
«ShHT oilasi»ning to‘ldirilishi mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, savdo-sotiq, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish sohasidagi ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikka sezilarli turtki berishi, shuningdek, bu tashkilot makonida ulkan transport-tranzit salohiyatini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi to‘g‘risida umumiy tushunish mavjud.