Vladimir Norov: O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi
“Dunyo” AA muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining (ShHT TIVK) yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha OAV vakillari uchun bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov so‘zga chiqib quyidagilarni aytdi:
- Tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari ShHT makonida umumiy xavf va tahdidlarga o‘z vaqtida va birgalikda javob berish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, do‘stlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini taʼkidladi.
O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi, ShHT kun tartibidagi dolzarb vazifalarga eʼtibor qaratgani barobarida ularning hal etilishi bo‘yicha aniq takliflarni bildirdi.