Toshkentda ShHT turizm forumi boʻlib oʻtadi
Joriy yilning 19-20 may kunlari Toshkentdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm sohalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yildagi ShHT sammitiga raisligi doirasida tashkil etilmoqda.
20 may kuni akademik va ishbilarmon doiralar, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlarning turizm sohasi vakillari ishtirokida “ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” nomi ostidagi turistik forum boʻlib oʻtadi. Forum ishtirokchilari tomonidan xalqaro turizmning dolzarb masalalari, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniy merosini saqlash va targʻib qilish, shuningdek, turizm va madaniy meros sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etiladi.
Yig‘ilishda turizm sohalari rahbarlari turistik sayohatlarni qayta tiklashni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar, turizmning iqtisodiy o‘sish multiplikatori sifatidagi rolini oshiradigan yangi loyiha va dasturlarni ko‘rib chiqadi.
Bo‘lajak yig‘ilishlar kun tartibidan Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim va ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihalarini muvofiqlashtirish ham o‘rin olgan.