Xitoy tomoni O‘zbekistonning ShHTga raisligi va uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi
Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, o‘z navbatida, Van I Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Xususan, Xitoy tomoni har tomonlama strategik sherik sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohot va yangilanishlar yo‘nalishini qatʼiy va izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida taʼkidladi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa ko‘plab sohalarda O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlarining qatʼiyati va siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan o‘sish surʼatini namoyon etib, yangi amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni har tomonlama va sifatli amalga oshirish, jahon miqyosida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida hamkorlikning yangi ufqlarini belgilashga intilishi tasdiqlandi.
Savdo, transport-logistika, tibbiyot va farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va qishloq xo‘jaligi, turizm, fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytirishga oid aniq takliflar ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston-Xitoy tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha birgalikda samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi qayd etildi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ko‘p tomonlama ishlarni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllarda rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy-texnik va mazmuniy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
2022 yil 28-29 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlari Kengashi va 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari Kengashining yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rishga alohida eʼtibor qaratildi.
Van I Xitoy tomoni O‘zbekistonning ShHTga raisligi va uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Vladimir Norov, o‘z navbatida, O‘zbekiston Xitoyning global rivojlanish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini va global xavfsizlik bo‘yicha tashabbusini olqishlashini ta’kidladi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat ko‘rib chiqildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yil 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlarini yuqori baholadi.
Davlatlararo savdoni kengaytirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadigan «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» strategik temir yo‘l liniyasi qurilishining tez orada boshlashni Xitoy tomoni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.