O‘zbekiston ShHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatida ShHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumini Samarqand shahrida yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi Axborot xizmati ma’lum qilishicha, tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, Samarqand viloyati va Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2021–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligini samarali amalga oshirish doirasida tashkil etilayotgan mazkur forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Forum BRMning eng muhim yo‘nalishlaridagi gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ShHTga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish va tajriba almashish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, Forum o‘ziga xos platforma sifatida davlatlarning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Forum 18-19 avgust kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.