Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Kecha Toshkentda O‘zbekiston raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi uchrashuvi gibrid formatda bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Hindiston sog‘liqni saqlash va oila farovonligi vazirining o‘rinbosari Radjesh Bxushan, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranov, Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi raisi Ma Syaovey, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Jarkinbek Kasimbekov, Pokiston sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus kotibi, koordinator Ali Shalvoniy, Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko va Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida ishtirokchilarni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev va ShHT Bosh kotibi Chjan Min tabrikladilar.
ShHT Bosh kotibi o‘z maʼruzasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni tashkilot uchun sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish o‘zining burchi ekanini taʼkidladi. «Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud», dedi u.
Uchrashuvda COVID-19 pandemiyasi davrida yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro saʼy-harakatlarni birlashtirish mavzusiga doir masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tuzilmaga aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, anʼanaviy tibbiyotni zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish, yuqumli kasalliklar xavfini kamaytirish bo‘yicha delegatsiyalar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Muloqot yakunida ShHTga aʼzo davlatlar aholisining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, tarqalishiga qarshi kurashish, erta aniqlash, davolash kabi qator sohalarda izchil hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘z navbatida, reproduktiv salomatlik, COVID-19dan keyin reabilitatsiya qilish, ShHTga aʼzo davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish, ilg‘or diagnostika usullarini joriy etish, koronavirus infeksiyasining oldini olish sohalarida tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Teletibbiyot texnologiyalari, anʼanaviy tibbiyot, farmatsevtika va sanitariya-epidemiologiya xizmatlari sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida tomonlar ShHTga aʼzo davlatlarning telemeditsina sohasidagi hamkorlik va yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash, COVID-19 dan keyin reabilitatsiya qilish, emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish sohasidagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan hamkorlik konsepsiyasi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasini maʼqulladilar. (Hujjatlar ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining 2022 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida tasdiqlash uchun taqdim etilishi rejalashtirilgan).
Tadbir yakunida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.