Nina Linde: ShHT doirasida Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi
«So‘nggi yillarda O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘-eʼtibori va roli jadal o‘sib bormoqda», - dedi Latviya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori Nina Linda mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida ilgari surayotgan tashabbuslari haqidagi sharhida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
«Bunda respublikaning ko‘p tomonlama hamkorlik institutlari – xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi faol ishtirokini alohida qayd etish kerak, - deydi ekspert. -O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorligi nafaqat Toshkent, balki butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega».
Nina Lindening fikricha, tashkilot doirasida O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z imijini yaxshilashga hissa qo‘shadigan va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan ko‘plab tashabbus va takliflarni ilgari surmoqda. Rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida aks ettiradi, mintaqani barqaror rivojlantirishga qaratilgan asosiy vazifalarga to‘liq mos keladi.
«Yaqinda O‘zbekiston ShHTning ulkan salohiyatini transport, o‘zaro bog‘liqlik va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi muhim sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirish zarurligini ochiq aytdi, - dedi Latviya Iqtisodiyot instituti direktori. - O‘zbekiston tashkilot faoliyatini muhim yo‘nalishlarda mustahkamlash va kun tartibini yangi dolzarb yo‘nalishlar orqali boyitishga doimiy intilmoqda, bu Toshkent tomonidan ilgari surilgan aniq va keng ko‘lamli tashabbuslarda yaqqol aks etmoqda».
Ekspertga ko‘ra, raislik O‘zbekistonga nafaqat tashkilot doirasida o‘sish strategiyasini davom ettirish, balki uni aniq natijalar beradigan yangi va muhim qirralar bilan boyitish imkonini berdi.
Toshkentning asosiy tashabbuslari sifatida Latviya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori quyidagilarni taʼkidladi:
- savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini, transport-kommunikatsiya o‘zaro bog‘liqligini chuqurlashtirish;
- kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligi kabi asosiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish;
-ShHT salohiyatidan yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar sohalarda keng foydalanish.
«O‘zbekistonning ushbu tuzilmadagi ishtiroki har doim iqtisodiy hamkorlikka ustuvor eʼtibor bilan ajralib turadi va biz ShHTga raislik davrida bunday yondashuvni kutamiz», dedi ekspert.
U, shuningdek, ShHTning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammiti yirik siyosiy-iqtisodiy forum bo‘lib, tashkilotni yana-da rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kirishiga ishonch bildirdi.