ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Qozog‘istonda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini taʼminlashda xalq diplomatiyasining rolini yana-da kuchaytirish masalalari muhokama qilindi

Shimkent shahridagi Muxtor Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetida “Yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirishda xalq diplomatiyasining o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Shimkent shahri akimati rahbariyati, Turkiston viloyati ijtimoiy-siyosiy va akademik doiralari vakillari, Qozog‘iston o‘zbeklarining “Do‘stlik” hamjamiyati faollari, shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, ShHT Xalq diplomatiyasi markazi, Yozuvchilar uyushmasi, “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari, madaniyat va fan arboblaridan tashkil topgan mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

O‘zbekistonlik mehmonlarni Shimkent shahri akimining birinchi o‘rinbosari Shingis Mukan, Muxtor Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti rektori Dariya Kojamjarova, Qozog‘iston o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Ikrom Hoshimjonov samimiy kutib oldi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarining yuksak darajasi, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanish surʼati, mintaqalararo aloqalarning tobora kengayib borayotganini qayd etdi.

Ikki qardosh davlatda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik boshqa davlatlar uchun namuna ekani alohida taʼkidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da kengaytirish, ilmiy-texnik va akademik almashinuvlarni rivojlantirish, qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasida yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro hamjihatlikni taʼminlashda xalq diplomatiyasi o‘rnini yana-da kuchaytirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zbek adabiyoti namunalari va milliy cholg‘u asboblarini qozoq xalqiga esdalik sovg‘alari sifatida taqdim etdi.