Dehli shahrida ShHT doirasidagi AKT va ilmiy-texnikaviy hamkorlikning yo‘nalishlari muhokama qilindi
Dehlida Hindiston Tashqi ishlar vazirligi, Savdo va sanoat vazirligi, “Invest India” milliy agentligi vakillari hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar, “kuzatuvchi” va “muloqot bo‘yicha hamkor” maqomidagi mamlakatlarning Hindistondagi elchilari ishtirokida mazkur tashkilot doirasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov ShHTga joriy raislik doirasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi atroflicha maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi. Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga aʼzo davlatlarning ilmiy-texnikaviy hamkorlik uchun masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining majlisi yakunlari, ShHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari o‘rtasida eʼlon qilingan startaplar tanlovi haqida ham alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, davra suhbati ishtirpokchilari “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi, “Bir million dasturchi” loyihasining mamlakat rivojidagi dolzarb ahamiyati, respublika hududlari bo‘ylab ishga tushirilgan inkubatsiya markazlari, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar bilan ham tanishtirildi. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishdagi boshqa qo‘shma dasturlar ham nazardan chntda qolmadi.
Davra suhbati davomida Hindiston tomoni o‘z mamlakatining AKT, xususan, startaplar ekotizimidagi mavjud salohiyati, undan ShHT doirasida foydalanish va ilg‘or tajriba almashishga eʼtibor qaratdi. Bu borada 2020 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “ShHT startap forumining” amaliy ahamiyati alohida qayd etildi.