Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi: Ushbu nufuzli tadbir ShHT makonida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, ijtimoiy, madaniy o‘sishni taʼminlash uchun muhim platforma bo‘ladi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning “Dunyo” AA uchun intervyusida poytaxtimizda bo‘lajak «Xalq diplomatiyasi –taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik» mavzusidagi ShHT Xalq diplomatiyasi forumi («Toshkent – 2022»)ning asosiy maqsadlarini sharhladi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatida ShHTga aʼzo mamlakatlar bilan uzviy aloqalarni yana-da rivojlantirish muhim yo‘nalish hisoblanadi. Dunyo aholisining yarmini birlashtiruvchi, Yevroosiyo hududining 61 foizini egallagan mamlakatlar ishtirokidagi ShHTning asosiy faoliyat yo‘nalishi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Tashkilotning asosiy maqsadi ushbu ustuvor yo‘nalishlar orqali umumiy taraqqiyotga erishishdir. Ayni paytda bu nufuzli xalqaro tashkilotga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston doimiy aʼzo hisoblanadi. Afg‘oniston, Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi maqomiga ega. Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lankaga esa muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilgan.
ShHT davlatlari o‘zaro munosabatlarda «Shanxay ruhi»ga amal qiladi. «Shanxay ruhi» iborasi qarorlarni konsensus asosida qabul qilish, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilmaxillikka hurmat bilan yondashuv, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qatʼiy amal qilish demakdir. «Xalq diplomatiyasi — taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik» mavzusidagi xalqaro tadbir esa ana shu maqsadlarga og‘ishmay erishishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli. Aytish mumkinki, nufuzli tadbir, o‘z navbatida, ShHT makonida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, ko‘p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada muvozanatli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy o‘sishni taʼminlash uchun ham muhim platforma bo‘ladi.