Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti Isroil matbuoti nigohida
Isroilning “MIGnews” elektron nashrida ShHT Samarqand sammitiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Manbaning taʼkidlashicha, mazkur sammit so‘nggi uch yilda ilk bor yuzma-yuz bo‘lib o‘tadi va unda 15 davlat va 10 xalqaro tashkilot rahbarlari qatnashadi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT sammiti kun tartibi va tashkilot faoliyatini yangilashga qaratilgan qator ilg‘or tashabbus va takliflar bilan chiqishi kutilmoqda”, - deb yozadi “MIGnews”.
Taʼkidlanishicha, ShHT bugungi kunda transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Bu uning son jihatdan tarkibini kengaytirish va tashkilot ichidagi va atrofidagi o‘zgaruvchan realliklar bilan bog‘liq.
Samarqandda Eron majburiyatlari bo‘yicha Memorandum imzolanib, ushbu mamlakatning Tashkilotga qo‘shilishiga yo‘l ochiladi, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanadi. Bahrayn va Maldiv orollari bilan hamkorlik maqomini olishga arizalar qabul qilinishi kutilmoqda, deyiladi maqolada.
“Shuningdek, sammitda qator muhim qarorlarni imzolash rejalashtirilgan. SHHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 30 ta kelishilgan hujjatlar loyihalari allaqachon tayyorlab bo‘lingan”, deb yozadi Isroil yangiliklar portali.