O‘zbekiston va Pokiston TIV rahbarlari turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini ko‘rib chiqdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bhutto Zardariy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, Bilaval Zardariy Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK yig‘ilishi juda muvaffaqiyatli va yuqori tashkiliy darajada o‘tgani, bu yil Tashkilot faoliyatidagi asosiy voqea – Samarqand shahrida bo‘lajak Sammitga tayyorgarlik ko‘rishning yakuniy bosqichi bo‘lganini taʼkidladi. Pokiston tomoni O‘zbekistonning Tashkilotga raisligi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarning to‘liq qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini yana-da rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish maqsadida savdo va bojxona tartib-qoidalarini o‘zaro asosda osonlashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovini tiklash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Madaniyat, taʼlim va turizm sohasidagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Pokiston TIV rahbari konstruktiv xalqaro muloqot uchun zamin yaratgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyaning samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.