Vladimir Norov: Vazirlar mamlakatlarimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun qo‘shma saʼy-harakatlarini mustahkamlash, «uch yovuz kuch»ga qarshi turish uchun katta jipslikning muhimligini taʼkidladilar
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ShHT TIVK yig‘ilishi yakunlari sarhisob qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- Delegatsiyalar rahbarlari ShHT makonida xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarning o‘zgarayotgani, axborot texnologiyalarining halokatli roli ortib borayotgani, xususan, soxta yangiliklar va turli buzg‘unchi mafkuralarning tarqalishi haqida o‘z xavotirlarini bildirdilar, - dedi Vladimir Norov. - Shu nuqtai nazardan, «uch yovuz» kuchlarga qarshi turish, mamlakatlarimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni yana-da mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi asosida tomonlarning tegishli tashabbuslarini hisobga olgan holda ShHTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga tahdid va xatarlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha yetakchilarimizning kelishuvlarini tezkor amalga oshirishni taʼminlash muhimligi qayd etildi.