Sergey Lavrov: O‘zbekiston tomonining tashabbuskorligi tufayli salmoqli hujjatlar to‘plami tayyorlandi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ShHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga raisligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- Eng avvalo, o‘zbekistonlik do‘stlarimizga iliq qabul hamda sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitga tayyorgarlik ko‘rishning hal qiluvchi bosqichini ochib beruvchi ShHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishini aʼlo darajada tashkil etgani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, - dedi Rossiya vaziri. – O‘zbekiston tomonining tashabbuskorligi tufayli transport aloqasi, energetika sohasidagi hamkorlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, raqamli transformatsiya, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish manfaatlariga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami tuzildi.