Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev:: ShHT mamlakatlarining kelishilgan holda ish olib borish yo‘li qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanish yo‘liga tezroq kirishiga imkon beradi
Bugun Toshkentda boshlangan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjumanning dolzarbligini taʼkidladi.
- ShHT makonida xavfsizlikni taʼminlash masalalari har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda, dedi u. - Shuning munosabati bilan, biz barcha mamlakatlarning tegishli tashabbuslarini, shu jumladan, Qirg‘iziston Respublikasining Bishkekda xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash uchun markaz tashkil etish tashabbusini hisobga olgan holda, ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining tashkilot davlatlari xavfsizligiga xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirishga eʼtibor qaratishimiz zarur.
Xavfsizlik haqida gapirar ekanmiz, afg‘on muammosiga to‘xtalmaslik mumkin emas. Afsuski, mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy taʼsir ko‘rsatayotgani holda u yerdagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkentda afg‘on vakillari delegatsiyasi ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaning o‘tkazilgani nafaqat o‘rinli, balki o‘z vaqtida tashlangan qadam bo‘ldi. Bizning fikrimizcha, ShHT mamlakatlarining kelishilgan holda ish olib borish yo‘li qo‘shni Afg‘onistonning tezroq tinch va barqaror rivojlanish yo‘liga kirishiga imkon beradi. Qirg‘iziston o‘z tomonidan ShHTning barcha manfaatdor mamlakatlari bilan bu borada hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildiradi.