Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi: ShHT o‘zining zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga yondoshuvini dolzarblashtirmog‘i lozim
Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda so‘zga chiqqan Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi mintaqaviy xavfsizlik masalalari alohida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi:
- Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va o‘zaro ishonchni chuqurlashtirish masalalari o‘zining dolzarbligini saqlab qolmoqda va ular ShHT kun tartibidagi "tamal toshi" hisoblanadi.
Xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi so‘nggi tektonik siljishlarni hisobga olgan holda ShHT o‘zining zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga bo‘lgan yondoshuvlarini dolzarblashtirmog‘i kerak, deb o‘ylayman.
Bunda terrorizm, ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va xalqaro axborot xavfsizligi sohalarida kelishilgan va qabul qilingan dasturiy hujjatlar ijrosini davom ettirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Terrorizmning moliyalashtirilishiga qarshi kurashni, shuningdek, uni oziqlantiradigan terroristik, separatistik va ekstremistik mafkuraning tarqalishini oldini olish uchun umumiy saʼy-harakatlarni faollashtirish kerak.
ShHTga aʼzo davlatlar terrorizmdan xoli dunyoga erishishlari uchun Odob-axloq kodeksini yana-da ilgari surishda tizimli ravishda ishtirok etishi muhim, deb hisoblaymiz.
ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining tashkilot mamlakatlarining tegishli tashabbuslarini hisobga olgan holda ShHTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi talab etilmoqda.
ShHT makonida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishiga bog‘liqdir.