ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Vladimir Norov: ShHT kengayishi – tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beradigan tabiiy jarayondir

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ShHTTIVK yig‘ilishidagi nutqining intihosida tashkilot rivojlanishidagi yangi bosqich uning kengayishidagi ikkinchi to‘lqin boshlanishi bilan tarixda qolishini bayon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

"O‘zbekiston buni tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beradigan tabiiy jarayon, deb biladi, - dedi TIV rahbari. - Eron Islom Respublikasining to‘la huquqli aʼzo bo‘lishi yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatni qayd etishni istar edim.

Belarus Respublikasining arizasini o‘rganish jarayoni boshlandi.

Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga ShHTning muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishga tayyor.

Shuningdek, Samarqand sammitida Bahrayn va Maldivga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berishni boshlash bo‘yicha qaror qabul qilish ham ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga ShHT huzurida kuzatuvchi maqomini berish masalasida konsolidatsiyalashgan yondoshuvlarni ishlab chiqishimiz ham kerak bo‘ladi.