ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Toshkentda bo‘lib o‘tgan anʼanaviy tibbiyot bo‘yicha ShHT forumi Xitoy OAV nigohida

Xitoyning “Sinxua”, «Jenmin jibao», “Psearcher” va “Kitay” kabi yetakchi OAVlarining internet tarmog‘idagi sahifalarida bugun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan anʼanaviy tibbiyot bo‘yicha ShHT forumi haqidagi maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ularda maʼlum qilinganidek, O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi raisligi doirasida Toshkent shahrida ShHTning “Anʼanaviy (xalq) tibbiyotining zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimlariga integratsiyasi” mavzusidagi anʼanaviy tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, mazkur Forum anʼanaviy tibbiyot sohasidagi so‘nggi noyob amaliyotlar va ilmiy tadqiqotlar haqida maʼlumot almashish uchun qulay maydonchadir.

Gibrid shaklida o‘tkazilgan tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlari, ilmiy doiralar vakillari, zamonaviy va anʼanaviy (xalq) tibbiyot, reabilitatsiya, farmatsevtika va eksperimental tibbiyot sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi, deb yozadi XXR ommaviy axborot vositalari.

Xabar-maqolalarda O‘zbekistonning ShHTda raisligi doirasida jami 80 dan ortiq turli darajadagi va formatdagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda barcha sohalardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqiladi. Bugungi kunga qadar tadbirlarning yarmidan ko‘pi muvaffaqiyatli tashkil etildi.

O‘zbekiston ShHT doirasida savdo-iqtisodiy, sanoat kooperatsiyasi, transport va kommunikatsiya sohasida o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa sohalardagi hamkorliklarni kengaytirishga katta ahamiyat qaratilayotgani alohida taʼkidlangan.

“2022 yilning 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi va mazkur tadbir Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning tarixan yaqin aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Hozirgi paytda Sammit davomida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar faollik bilan ishlab chiqilmoqda”,  deb xulosa qiladi Xitoyning ommaviy axborot vositalari.