ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarni yoritmoqda

O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda, deb xabar qilayapti “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, mamlakatdagi yetakchi nashrlardan biri - «The Korea Post» jurnalining rasmiy saytida ushbu mavzuga bag‘ishlab eʼlon qilingan maqolada joriy may oyi O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasidagi tadbirlarga boy bo‘lgani xabar qilingan.

«Dastlab Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi, -deb taʼkidlaydi nashr. - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT Bosh kotibi Chjan Minni qabul qilar ekan, muloqot chog‘ida Tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning Tashkilotga raisligi davridagi asosiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Barqarorlik va xavfsizlik uchun xavf tug‘dirayotgan xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda Tashkilot salohiyatini kuchaytirish, «Shanxay ruhi» prinsiplari asosida ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi taʼkidlandi».

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bilan uchrashuvda Chjan Min asosiy voqea – 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimiz tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholadi, deyiladi materialda.

 «Shu nuqtai nazardan, tomonlar bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol saʼy-harakatlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar», deb qayd etadi Janubiy Koreya jurnali.

«The Korea Post» o‘z o‘quvchilari eʼtiboriga, shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik» mavzusidagi SHHT Xalq diplomatiyasi ikkinchi forumi tafsilotlarini  ham havola etgan. «Forum davomida ishtirokchilar zamonaviy dunyoda xalq diplomatiyasining dolzarbligi, O‘zbekistonning ShHTda ushbu institutni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari, shuningdek, tashkilotning madaniy xilma-xilligi va boy sayyohlik salohiyatini ommalashtirish masalalarini muhokama qildilar», deb yozadi  «The Korea Post».

Materialda ShHT o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi asrlar davomida sivilizatsiyalar va diniy madaniyatlar chorrahasi bo‘lib kelgan, ushbu mintaqada shakllangan bag‘rikenglik muhiti turli xalqlar va dinlar vakillarining tinch-totuv yashashiga hissa qo‘shayotgani alohida  qayd etilgan.

Maqolada, shuningdek, Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga aʼzo davlatlar transport  vazirlarining uchrashuvi hamda Buxoro shahrida uyushtirilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Banklararo birlashmasi kengashining yig‘ilishi haqidagi maʼlumotlar o‘rin olgan.