Rossiyadan munosabat: ShHT bilan hamkorlikdan manfaatdor davlatlarning soni yana-da ko‘payadi
O‘zbekistonning ShHTga raisligidagi ustuvor yo‘nalishlar xalqaro ekspertlarning, ayniqsa, tashkilotga aʼzo mamlakatlarning diqqat markazida turibdi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy ilmiy-tadqiqot institutining Sho‘rolardan keyingi voqeliklar tadqiqotlari markazi sektor rahbari, siyosiy fanlar nomzodi Yelena Kuzmina “Dunyo” AA uchun yo‘llagan sharhida ShHT rivojlanishi istiqbollari, bo‘lajak davlat rahbarlari sammiti hamda tashkilotga aʼzolikni kengaytirish masalalariga to‘xtalgan.
- O‘zbekiston o‘tgan yil kuzida SHHTga raislik qilishni o‘z zimmasiga oldi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan batafsil dasturni taqdim etdi. Men O‘zbekiston taqdim etgan dasturdagi uchta yo‘nalishni alohida taʼkidlashni istar edim, zero ularning barchasi bir-biriga o‘zaro bog‘liqdir.
Birinchisi, iqtisodiy yo‘nalish. Bu borada juda dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Maʼlumki, ShHTda ikki yangi aʼzo bor - Hindiston va Pokiston, shuningdek, Eron aʼzolikka ariza bergan, taʼsis etuvchi davlatlar esa Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy va Rossiyadir. Agar o‘tish davrida O‘zbekiston Prezidenti tilga olgan hamkorlikni rag‘batlantirish dasturlari va yo‘nalishlarini qayd etadigan bo‘lsak, bular, birinchi navbatda, savdo va ishlab chiqarishni takomillashtirish masalalaridir. Savdo bilan bog‘liq ko‘plab masalalar allaqachon hal qilingan. Xususan, SHHT aʼzo uchta va kuzatuvchi bitta davlatni o‘z tarkibiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) faoliyat ko‘rsatmoqda. YEOII va XXR o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolangan. MDH doirasida erkin savdo zonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Unga SHHTga aʼzo davlatlar va YEOII aʼzo bo‘lmagan O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarbayjon kirgan. Savdoni faqat baʼzi cheklovlarni olib tashlash orqali rivojlantirish mumkin. Savdo sharoitlarini yaxshilash nuqtai nazaridan Yevroosiyo ittifoqining boshqa aʼzolariga bunday imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Ishlab chiqarish ko‘paysa sharoit yaxshilanadi.
Bu nuqtai nazardan O‘zbekiston ko‘targan muhim masala - sanoat kooperatsiyasidir. Bunga nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlar va o‘z sanoat salohiyatini modernizatsiya qilayotgan davlatlar, balki Xitoy hamda Hindiston kabi juda yuqori salohiyatga ega bo‘lgan boshqa bir qator davlatlar ham qiziqish bildirmoqda.
Muhim yo‘nalishlardan yana biri - transport-kommunikatsiya sohasidir. Mahsulotlarni tashish kerak. Bugungi kunda bu eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Bu nafaqat dengiz, balki quruqlik transportini ham o‘z ichiga oladi. Bu Yevroosiyo qitʼasi uchun juda muhim jihat bo‘lib, O‘zbekiston uzoq vaqtdan beri Janubiy Osiyoga va Hindiston tomon yangi transport koridorini ochish uchun harakat qilmoqda. «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi kabi muhim tashqi siyosat yo‘nalishiga ega bo‘lgan Pokiston, Hindiston va Xitoy, shuningdek, Rossiya bunga qiziqish bildirmoqda. Aytaylik, baʼzi mahsulotlarni dengizga qaraganda quruqlikda olib o‘tish arzonroq. Bu holatda O‘zbekiston nafaqat o‘z manfaatlarini, balki barcha SHHT davlatlarining amaliy manfaatlarini ham himoya qilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish - tibbiy xavfsizlik. Bu pandemiya tufaylidir, pandemiya esa hali tugamadi. Biz MDH doirasida nafaqat emlash va yangi kasalliklar, balki yurak xastaliklari, sil kasalligi va boshqa bir qator yuqumli kasalliklar bo‘yicha ham hamkorlik qilayapmiz. ShHTning barcha davlatlari va yangi aʼzolari oldida ham shunday muammolar turibdi.
Yana bir yo‘nalish - bu Yevroosiyo xavfsizlik tizimi hisoblanadi. Albatta, SHHTning barcha aʼzolari uchun qo‘shni davlat hisoblangan Afg‘onistonga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, umumiy chegara bo‘lmasa-da, bu davlat hali ham Rossiya va Hindiston uchun yaqin qo‘shnidek bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari va Pokiston haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev asosiy yo‘nalishlardan biri - Afg‘oniston bilan hamkorlik ekanini aytgani bejiz emas. Bu o‘zaro taʼsir, chunki haqiqiy xavfsizlik tizimini yaratish kerak. Janubiy Osiyo tomon transport kommunikatsiyalarini kengaytirish Afg‘onistonning ishtirokisiz amalga oshmaydi. Afg‘onistonda mamlakatning iqtisodiy barqarorligisiz ushbu tizimni yaratish mumkin emas. O‘ylaymanki, davlat rahbarlari uchrashuvida albatta, Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlik masalalariga taalluqli ayrim hujjatlar bo‘ladi.
Iqtisodiyot va transport bilan bog‘liq yana bir muhim masala - bu oziq-ovqat xavfsizligidir. Biz o‘zimiz uchun oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq taʼminlay olamiz, ammo ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlaridagi va qishloq xo‘jaligiga ham taʼsir ko‘rsatadigan bozorlardagi mavjud vaziyatni hisobga olish lozim. Biz maʼlum bir ustunlikka ega bo‘lishimiz mumkin, ayniqsa bugungi kunda. Hozir O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tashkil etilgan “Agroekspress” loyihasi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Uning ShHTga aʼzo bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarga kengayishi muhokama qilinmoqda. Ushbu tajriba juda samarali ekani o‘z isbotini topgan. Va yaqin kelajakda undan ham foydalanish mumkin.
ShHT, bir tomondan, juda oddiy tashkilot. Asosan, u iqtisodiy masalalar, madaniy va sivilizatsiya aloqalari, shuningdek, maʼlum bir xavfsizlik masalalariga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Bu harbiy blok yoki xavfsizlik bloki emasligi aniq.
Shu bilan birga, ShHT juda murakkab tuzilma – dunyo aholisining yarmidan ko‘pi ShHT mamlakatlari hududida yashaydi. Eng katta yadro mamlakatlari, jadal rivojlanayotgan mintaqalar va yirik davlatlar mavjud. Va eng muhimi, tashkilot uzoq vaqt davomida iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu omillar bugun boshqa mamlakatlarni ham o‘ziga jalb etmoqda. Masalan, Eron ShHTga doimiy aʼzo bo‘lish uchun ariza bergan va keyingi sammitda Eron ushbu tashkilotga aʼzo bo‘lishi taxmin qilinmoqda. ShHTda ishtirok etish, birinchi navbatda, iqtisodiyotda hamkorlik uchun juda ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Bu butun Yevroosiyo xavfsizlik tizimiga taʼsir qiladi. Eronning SHHTga aʼzo bo‘lishi - bu mamlakat va ShHT tarkibida bo‘lgan davlatlar uchun juda muhim qarordir.
Bugungi kunda boshqa bir qator arab va Osiyo davlatlari SHHT doirasida u yoki bu maqomni olish haqida o‘ylamoqda. Tashkilotga aʼzolik va kuzatuvchilardan tashqari, muloqot bo‘yicha sheriklik singari bir nechta maqom ham mavjud. Muloqot sherikligi - bu birinchi navbatda, iqtisodiy hamkorlik bo‘lib, mamlakatlarni samarali tashkilot sifatida ShHTga aʼzo bo‘lishga qiziqtiradi. Umid qilamizki, O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida rejalashtirilgan barcha vazifalar to‘liq amalga oshadi. Menimcha, ular orasida vaqtinchalik, baʼzi bir haqiqiy bo‘lmagan savollar yoki qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq bo‘lgan birorta mavzu yo‘q.
Raislik dasturi juda katta va keng qamrovli. Bu amaliy va doimiydir. Va bu yo‘nalishdagi ishlar allaqachon boshlangan. Hujjatlarni tasdiqlash jarayoni boshlandi. Bo‘lajak sammit doirasida 35 ta bitim imzolanishi kerakligi aytib o‘tildi. ShHT bilan hamkorlikdan manfaatdor davlatlarning soni ko‘paya borishi aniq.