Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning haykaltaroshlari yangi asarlar tayyorlamoqda
Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar hunarmandlari ishtirokida Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turizm va madaniy meros vazirligining maʼlumotiga ko‘ra, bir oy davomida mohir haykaltaroshlar va manzarali haykaltaroshlik ustalari marmar, metall, tosh va olovga chidamli loy kabi qattiq jismlar yordamida betakror ijod namunalarini yaratadi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga aʼzo davlatlar sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etildi.
Simpozium yakunida SHHTga aʼzo davlatlarning haykaltaroshlari tomonidan yasalgan haykallar Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan shahardagi bog‘ va xiyobonlarga, shuningdek, 7 ta muzeyni o‘z ichiga olgan Samarqand “Muzeylar maydoni” hududiga o‘rnatiladi. Xalqaro tadbir yakunlari bo‘yicha maxsus katalog chop etiladi.
Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, tashkilotchilar Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumini SHHTga aʼzo davlatlar hamda O‘zbekistonning boshqa hamkor davlatlari haykaltaroshlik sanʼati ustalari uchun anʼanaviy va muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro forumga aylantirish istagini bildirdi.