O‘zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining poytaxtimizdagi yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbatda O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.
Mintaqadagi vaziyatga hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlariga, shu jumladan ShHT sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo hajmi barqaror yuqori surʼat bilan ortib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 32 foizga oshdi. Qo‘shma Loyiha ofisining faoliyati doirasida qariyb 40 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yo‘nalishida samarali ishlar olib borilmoqda. Keyingi bir necha yilda O‘zbekistonda Rossiyaning 12 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mintaqaviy, shu jumladan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Afg‘onistondagi vaziyatning tinchlik yo‘li bilan hal etilishiga va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘makni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.